O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi Yevropa mamalakatlariga chiqishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolarini turli firibgarliklar tuzog‘iga tushib qolishdan ogohlantiradi
O‘zbekistonning xalqaro havo qatnovlari faollashib borayotgani va karantin choralari yengillashayotgani bois, Evropa mamlakatlariga, jumladan, Belgiya va Niderlandiyaga ishlash va o’qish maqsadida borayotgan respublikamiz fuqarolarining soni ortayotgani kuzatilmoqda.
Fuqarolarning aksariyati Boltiq bo’yi, Polsha va Ruminiya va Ukraina davlatlari hududidan Belgiya va Niderlandiya davlatlariga chiqish uchun tranzit zonasi sifatida foydalanishga intilmoqda.
Bu holat G‘arbiy Evropa mamlakatlariga ishchi kuchini jo‘natish bilan shug‘ullanadigan jismoniy va yuridik shaxslar (vositachilar) ish olib borayotgani, ular vatandoshlarning Telegram, Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlariga soxta nomlar bilan a’zo bo’lishlari, Belgiya va Niderlandiyada vizasis yoki ishlashga va yashashga tegishli ruxsatnomasiz, qurilish, xizmat ko’rsatish, qishloq xo’jaligi va boshqa yo’nalishlarda noqonuniy mehnat qilayotgan fuqarolarning ortib borishi bilan izohlanadi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimiz fuqarolari aksariyat hollarda mahalliy tilda so‘zlasha olmasligi, huquqiy bilimsizligi, ishonuvchanligi va boshqa sabablar bilan turli firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Ayrim fuqarolarimiz bilib-bilmay ana shunday firibgarlarning aldoviga uchishi oqibatida pulidan ayrilib, begona yurtlarda qiyin ahvolga tushib qolmoqda. Yana achinarli tomoni shundaki, vatandoshlarimiz o‘zga davlat qonunchiligini buzgani uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi hollari ham sodir bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi Yevropa davlatlariga borishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolariga murojaat qiladi.
Yuqorida qayd etilgan mamlakatlarda xorijiy va O’zbekiston fuqarolari tomonidan tashkil etilgan, o’z faoliyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali vatandoshlarning guruhlarida reklama qilayotgan, xorijga ishga yoki oqishga jo’natish vakolatiga ega bo’lmagan turli uyushgan guruhlarga ishonib qolmang!
Yevropa mamlakatlariga ishga, o’qishga borish uchun qisqa muddatlarda rasmiy xorijiy viza va zarur hujjatlarni tayyorlab berish xizmatlarini taklif qilayotganda Таshqi mehnat migratsyasi аgentligi (71 202 33 55, 71 200 00 61 ёки 1282) va O’zbekistonning xorijdagi elchixonalari (https://mfa.uz/uz/pages/about-missions) bilan maslahatlashing!
Xorijga vaqtincha yoki doimiy yashash, ishlash va oqishga chiqqaningizda elchixonada konsullik ro’yxatiga (https://consulate.mfa.uz/) turishni unutmang!
Chet mamlakatda fuqarolarimizning xamda xorijliklarning ishonchiga kirish, ulardan turli g’arazli maqsadlarda foydalanish uchun o’zini o’zbekistonliklarning vakili, ximoyachisi sifatida ko’rsatishga urinayotgan, turli ijtimoiy tarmoqlarda no’to’g’ri xabarlar, asossiz ma’lumotlar tarqatib elchixona faoliyatiga - davlat siyosatiga qarshi qaratayotgan shaxslarning fitnalaridan ehtiyot bo’ling!
2020 yil pandemiya davrida elchixona konsullik okrugida qolib ketgan fuqarolarga konsullik huquqiy va moddiy yordam ko’rsatildi, ularning vizalari uzaytirib berildi, O’zbekistonga qaytishlari uchun to’rt marta charter reyslar tashkil qilindi, mamlakatimizga ko’p marotaba insonparvarlik yordami yuborildi.
Bugungi kunda xorijda mablag’siz qiyin ahvolga tushib qolgan O’zbekiston fuqarolariga elchixonamiz orqali respublikamiz hukumati tomonidan ajratilgan pul mablag’lari hisobidan moddiy-ijtimoiy yordam ko’rsatiladi.
Evropa mamlakatlarida huquqiy ongning yuqoriligi, qonunlar va davlat idoralarining samarali faoliyat ko’rsatishini inobatga olib, chet elda bo’lib turganingizda turli firibgar shaxslarning aldoviga tushib qolsangiz, ularning noqonuniy harakatidan jabr ko‘rgan bo’lsangiz, xorijiy mamlakatlar huquqni muhofaza qilish idoralariga va elchixonaning +32 2 661-20-42 telefon raqami, consulat@uzbekistan.be elektron pochtasi yoki https://t.me/CONSULMFAUZ Telegram tarmog‘i orqali to’g’ridan-to’g’ri murojaat qiling!
Elchixona Axborot xizmati