Navoiy viloyatida Xalqaro biznes-forum o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasining hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatda iqtisodiyotning ochiqligini ta'minlash va qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, xorijiy davlatlarning biznes hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillarini hududlarda mintaqalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida farmoyishi qabul qilindi.
Hujjat bilan Navoiy viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Navoiy viloyatida 2019 yil 30 aprel - 1 may kunlari xorijiy ishbilarmon doiralar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning mamlakatdagi diplomatik korpus vakillarini taklif etgan holda “Invest In Navoi” II Xalqaro biznes-forumni o‘tkazish bo‘yicha takliflariga rozilik berildi.
Tashkiliy qo‘mitaga (Bekenov, Tursunov) quyidagi vazifalar yuklandi:
axborot-tahliliy va boshqa hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash, Xalqaro biznes-forum uchun axborot ko‘magini tashkil qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
tadbirning zarur texnika va telekommunikatsiya vositalari bilan ta'minlanishi, tadbir o‘tkaziladigan joylar obodonlashtirilishi, shuningdek tadbir o‘tkaziladigan davrda Toshkent va Navoiy shaharlarida mehmonxona fondining tayyor holatda bo‘lishini tashkil qilish;
rejalashtirilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas'ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, Xalqaro biznes-forumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish.
Belgilab qo‘yilishicha, Xalqaro biznes-forumni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Navoiy viloyati mahalliy budjeti va homiylar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda ushbu mablag‘lar Navoiy viloyati hokimligi tomonidan ochiladigan maxsus hisobraqamga o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Kun.uz