Oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 2019-yil 24-mart kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga keldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 25 mart kuni Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari taomilga koʻra, dastlab Abu-Dabi shahridagi shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasi va masjidini ziyorat qildi.
Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklarining birinchi Prezidentidir. U 2004 yili oʻzi qurdirgan mazkur masjid yonida dafn etilgan. Bugungi kunda ushbu masjid va maqbara mamlakat aholisi uchun tabarruk maskanga, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari tashrif buyuradigan majmuaga aylangan.
Ushbu majmua dunyodagi eng katta masjidlardan biri boʻlib, qurilish ishlari 1996 yildan 2007 yilgacha davom etgan. Unda bir vaqtning oʻzida 40 ming kishi namoz oʻqishi mumkin.
Majmuaga tashrif asnosida shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.
Prezidentimizga masjidning qurilish tarixi, oʻziga xos meʼmoriy jihatlari, sayyohlar va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻzlab berildi.
Shavkat Mirziyoyev maqbaraning Ziyoratchilar kitobida dastxat qoldirdi.
Davlatimiz rahbari “Vohat al-Karoma” yodgorligiga gulchambar qoʻydi.
“Qadr-qimmat vohasi” maʼnosini anglatuvchi ushbu yodgorlik Birlashgan Arab Amirliklari ozodligi va birdamligi uchun qurbon boʻlganlar sharafiga bunyod etilgan. Yodgorlik bir-biriga tayanib turgan 31 blokdan iborat boʻlib, rahbarlar, harbiylar va fuqarolar oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik va qoʻllab-quvvatlash ramzi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari yodgorlikning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi.
Uchrashuvda ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash sohasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Bu borada oʻzaro tajriba almashish, delegatsiyalar tashrifini yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari davlat madhiyalari yangradi.
Ikki davlat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul va yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning diniy-maʼnaviy qadriyatlari mushtarak ekani, bu ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga asos boʻlishini taʼkidladi.
Birlashgan Arab Amirliklari tarixan qisqa davrda – ellik yilda sahro qoʻynida moʻjiza yaratib, iqtisodiyot, innovatsiya, savdo, moliya va turizm boʻyicha dunyo markazlaridan biriga aylanganini, Oʻzbekiston shu sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Birlashgan Arab Amirliklari hududi kichik, lekin nufuzi va imkoniyatlari jihatidan katta salohiyatga ega mamlakat. Bu yerda sanoat, tashqi savdo logistikasi, transport, turizm, fuqaro aviatsiyasi, innovatsiya va axborot texnologiyalari, bank va moliya sohalari jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda Amirliklar dunyo mahsulotlarini mintaqaga reeksport qilayotgan asosiy tranzit mamlakatdir.
Qulay geografik joylashuv va soliq siyosati mamlakatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi kirib kelishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, Amirliklarning oʻzi ham faol tashqi investitsiya siyosati olib bormoqda. 2018 yilda BAA xorijiy davlatlarga 12 milliard dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar yoʻnaltirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 25 oktyabrda oʻrnatilgan. Yaqinda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi.
Mamlakatimizda BAA investitsiyalari ishtirokida 107 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu mamlakat firma va kompaniyalarining 28 ta vakolatxonasi ochilgan. Ular asosan toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, meva konservalari, poligrafiya, ulgurji savdo, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida ish olib bormoqda.
2018 yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi qariyb 400 million dollarni tashkil etgan.
Davlatimiz rahbari bu koʻrsatkich avvalgi yillarga nisbatan oʻsgani, lekin tomonlarning salohiyatini hisobga olganda, yetarli darajada emasligini taʼkidladi. Shu bois muzokaralarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ushbu tashrif oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishiga ishonch bildirildi.
Joriy yil 12 mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yigʻilishi natijalari ijobiy baholandi. Hukumatlararo komissiya oldiga yaqin yillarda oʻzaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, buning uchun tovar yetkazib berishni koʻpaytirish, xomashyoni qayta ishlash va qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Ikki mamlakatda ham turizm sohasida ulkan salohiyat mavjud. Amirliklar aholisi buyuk allomalarimiz maqbaralarini ziyorat qilish, tabiatimiz manzaralaridan bahra olishga orzumand. Oʻtgan yili BAAdan yurtimizga kelgan sayohatchilar soni 1,5 barobar oʻsdi.
Prezidentimizning yaqinda imzolangan farmoniga muvofiq, yurtimizda Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilindi. Bu Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida nafaqat turizmni rivojlantirish, balki savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan soʻng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan BAA oʻrtasida Qoʻshma bayonot qabul qilindi. Investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, bojxona maʼmurchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik boʻyicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlarga erishilgani maʼlum qilindi.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Samimiy muloqotda siyosat, xavfsizlik, investitsiya sohalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika va infratuzilma yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, fan-texnologiya va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar ham koʻrib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
O'zA