Yevropa sayyohlik kompaniyalari Yangi O'zbekistonda o'zlari uchun imkoniyatlar ochmoqda
"Numa tourism" sayyohlik kompaniyasi saytida O'zbekiston elchixonasi tomonidan Belgiyaning yetakchi turizm agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o'tkazilgan davra suhbatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Portalda xabar qilinishicha, tadbir ishtirokchilariga O'zbekistonda turizmni rivojlantirish, ushbu soha mutaxassislarining malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berilgan.
"Elchi G'ayrat Fozilov O'zbekistonda turizm sohasiga strategik e'tibor qaratilayotganini alohida ta'kidladi", ‑ deyiladi maqolada. ‑ Tadbir davomida O'zbekistonning diqqatga sazovor joylari namoyish etildi. Mehmonxonalar va boshqa turistik obyektlarga alohida e'tibor qaratildi".
Xulosa o'rnida qayd etilishicha, bunday tadbirlar Benilyuks mamlakatlarida O'zbekistonga bo'lgan e'tiborni kuchaytirish imkonini beradi.