O‘zbekiston - Niderlandiya do‘stlik jamg‘armasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston - Niderlandiya do‘stlik jamg‘armasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
BRYUSSEL, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston madaniyati, sanʼati va sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan tadbirlar doirasida O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida O‘zbekiston - Niderlandiya do‘stlik jamg‘armasi raisi Daliya Oltuntepe bilan suhbat bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat avvalida Daliya Oltuntepe O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezidentilik saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi asnosida Samarqand viloyatining bir qator saylov uchastkalarida bo‘lganligi, bu siyosiy tadbir zo‘r uyushqoqlik bilan va yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etar ekan, saylov jarayoni ochiq va shaffoflik muhitida o‘tganligini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, u o‘zi rahbarlik qilayotgan do‘stlik jamg‘armasi tashabbusi bilan Niderlandiyaning turli hududlarida iqtisodiy, madaniy, ilmiy va maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilishi asnosida mamlakatning keng jamoatchiligi O‘zbekiston tarixi, madaniyati, sanʼati, iqtisodiy va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganligini aytdi.
Suhbatdosh “Duma Tours” sayyohlik kompaniyasi asoschisi va menejeri sifatidagi faoliyati doirasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Benilyuks mamlakatlarida keng targ‘ib etishga katta eʼtibor qaratayotganiga, O‘zbekistonga yo‘l olayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish ustida amaliy ishlar olib borayotganiga alohida urg‘u berdi.
Daliya Oltuntepe do‘stlik jamg‘armasining istiqbollari to‘g‘risida ham atroflicha to‘xtaldi. Rejada O‘zbekistonning milliy bayramlari, buyuk siymolarining tavallud sanalari munosabati bilan turli madaniy-gumanitar tadbirlar tashkil etish, Benilyuks mamlakatlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimotlarini muntazam o‘tkazish, o‘zbekistonlik turoperatorlar uchun treninglar tashkil etish, O‘zbekiston - Niderlandiya do‘stlik jamg‘armasining veb-saytida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar natijasida erishilgan muvaffaqiyatlar to‘g‘risidagi, uning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan maqola va maʼlumotlarni joylashtirish singari tadbirlar mavjudligini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, suhbatdosh iyul oyining oxirida O‘zbekistonga borishini, Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tkaziladigan tadbirda ishtirok etajagini aytdi.
Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, 2017 yili Niderlandiya Qirolligining bir guruh fuqarolarining tashabbusi bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shishga daʼvat etilgan O‘zbekiston-Niderlandiya do‘stlik jamg‘armasi (UzNed) tashkil etilgan edi.
Daliya Oltuntepe 2019 yildan beri ushbu jamg‘arma raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu jamg‘arma O‘zbekiston-Niderlandiya hamkorligi uchun eng muhim platformalardan biriga aylangan.