Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, o‘zbek mahsulotlarini chetga eksport qilishni kengaytirish, mamlakatga turistlar sonini oshirish – O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarining bosh vazifalari
2018-yilning 27-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Tashqi ishlar vazirligida videoselektor uchrashuvini o‘tkazdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportga ko‘maklashish va eksport geografiyasini kengaytirish, O‘zbekistonga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha topshiriqlarini vazirlik va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar tomonidan bajarilishi yakunlari sarhisob qilindi, shuningdek, 2019-yilda ushbu sohalardagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Yig‘ilishda videoaloqa vositasida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda TIV markaziy apparati va xorijdagi muassasalari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.
Shu bilan birga, idoralararo hamkorlik bilan bog‘liq mavjud kamchiliklar, sifatli loyiha va tijoriy takliflarning yo‘qligi, shuningdek, bir qator texnik to‘siqlarning mavjudligiga qaramay, ko‘plab diplomatik vakolatxonalar tashqi iqtisodiy faoliyatning mazkur uchta yo‘nalishida ijobiy ko‘rsatkichlarni namoyon eta olganliklari qayd etildi.
Davlatimiz rahbari xorijagi muassasalarning tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligiga katta e’tibor qaratayotganligi alohida ta’kidlandi. Xususan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Qashqadaryoga so‘nggi tashriflar davomida O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizning Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Kuvayt, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston, Buyuk Britaniya, Eron va Polshadagi elchilari hisobotlarini shaxsan tingladi va ushbu hududlar tumanlariga xorijiy investitsiyalar va moliyaviy-texnik ko‘makni jalb qilish bo‘yicha ishni kuchaytirishga qaratilgan aniq ko‘rsatmalar berdi.
O‘zbekiston mahsulotlarining eksportini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijdagi muassasalar tomonidan izchil ish olib borilmoqda, jumladan:
- doimiy ravishda diplomatik vakolatxona joylashgan mamlakat bozorini tahlil qilish, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda;
- O‘zbekiston meva-sabzavotlarini olib kirilishiga qaratilgan xorijiy davlatlarning karantin cheklovlarini olib tashlash maqsadida karantin organlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan;
- Mahalliy eksportchilarga mahsulotni tashqi bozorlarga chiqarish, ularning xorijda ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishlarida har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilmoqda, mustahkam eksport shartnomalarini imzolash yuzasidan ish olib borilmoqda;
- “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida mahalliy mahsulotlarni xorijda ilgari surish bo‘yicha keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda;
- 2018-yilning 27-30-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Made in Uzbekistan” birinchi xalqaro eksport ko‘rgazmali yarmarkasida 24 ta xorijiy davlatlardan 165 nafar vakillar ishtiroki ta’minlandi;
- Diplomatik vakolatxonalarga biriktirilgan mintaqalarlar kesimida eksportni ilgari surish masalalari bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.
2018-yilda TIV va xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalarimiz tomonidan mamlakatimizga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borildi.
2017-yilda turistik xizmatlar eksporti 546,9 mln. AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2018-yilning 10 oyi davomida 875,6 mln. dollarga yetdi. Joriy yilning 11 oyida O‘zbekistonga 4,9 mln. chet el fuqarolari tashrif buyurda va bu 2017-yilning shu davridagi ko‘rsatgichga (2,5 mln.) nisbatan 94%ga ko‘pdir.
2018-yilda turistlar oqimini oshirish uchun 9 ta davlat, xususan Isroil, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Turkiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Tojikiston va Fransiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi. Bugungi kunda 18 ta davlat fuqarolari kirish vizasini olmasdan O‘zbekistonga tashrif buyura oladi.
O‘tgan yilda xorijdagi vakolarxonalarimiz tomonidan O‘zbekiston turistik imkoniyatlarining 250 dan ortiq taqdimotlari o‘tkazildi. Diplomatik missiyalarimiz chet elda o‘tkazilgan 50 dan ortiq turistik ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. O‘zbekistonning turistik salohiyati to‘g‘risida 1,2 ming atrofidagi materiallar xorijiy bosma va elektron OAVda nashr etilishi hamda chet el telekanallarida namoyish etilishi tashkillashtirildi.
“Ziyorat-turizmni” ommaviylashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
2018-yil davomida TIV tomonida chet eldagi diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda Hukumatlararo komissiyalar va kichik qo‘mitalarning 23 ta majlisi ishlab chiqildi va muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
2018-yil boshidan buyon Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Gruziya, Xitoy, Yevropa ittifoqi, AQSh, Yaponiya, Vetnam, Hindiston, Fransiya, Germaniya va Eron bilan Hukumatlararo komissiyalarning majlislari o‘tkazilib, ularda savdo-iqtisodiy, investitsion sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishning amaliy masalalari ko‘rib chiqildi va hal etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning xorijdagi bir qator elchilari hisobotlari tinglandi. TIV markaziy apparati va xorijdagi muassasalarimizning respublikaning diplomatik vakolatxonalarga biriktirilgan mintaqalarida tezkor ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash maqsadida ularga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportni ilgari surish va turistlar oqimini oshirish bo‘yicha yetarlicha manzilli ishlarni amalga oshirilmagani, imzolangan hujjatlarni o‘z vaqtidan kechiktirib bajarilishi, tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ni hayotga tatbiq etish ustidan sust nazorat o‘rnatilganligi hamda respublika iqtisodiy tuzilmalari bilan TIV o‘rtasida tizimli muvofiqlashtirishning yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. 2019-yilda TIV va chet eldagi muassasalarning tashqi iqtisodiy faoliyatini faollashtirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining topshiriqlarini amalga oshirish uchun diplomatik vakolatxona rahbarlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.