AQSh O‘zbekistonda din erkinligi sohasidagi yuksalishni rasman tan oldi
O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yilning 11-dekabr kuni AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo o‘z qarori bilan O‘zbekistonda din erkinligini ta’minlash yo‘lida salmoqli natijalarga erishilganini e’tirof etgan holda, mamlakatimizni “alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” (SRS) ro‘yxatidan chiqardi.
Mazkur qaror kutilgan va undan ajablanma-sa ham bo‘ladi. Chunki O‘zbekistonda hayotning barcha jabhasiga daxldor tub islohotlar hamda o‘zgarishlar bilan bog‘liq, tarixiy bosqich yuz beryapti. Amerikalik va boshqa hamkorlar Harakatlar strategiyasining xavfsizlik, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga qaratilgan beshinchi ustuvor yo‘nalishni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ko‘lga kiritilayotgan natijalarga bir necha bor ishonch hosil qilishdi.
AQSh Davlat departamenti tomonidan O‘zbekistonning mazkur sohadagi yutuqlari diniy erkinlikni ilgari surish bo‘yicha o‘tkazilgan vazirliklar konferensiyasida ilk bor e’tirof etilgan edi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashgan.
Vashinggondagi diplomatik missiyamiz tomonidan qayd etilganidek, AQShning xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Braunbek boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi joriy yil sentabr oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida diniy erkinlikni ta’minlash, amaldagi normalarni takomillashtirish va soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish bo‘yicha yondashuvlar ishlab chiqish, diniy jinoyatlar uchun qamalgan minglab shaxslarni misli ko‘rilmagan darajada afv etish, qolaversa, ma’rifatli islomni ilgari surish borasidagi institutsional mexanizmlarni yaratish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarga bevosita guvoh bo‘ldi.
Amerika tashqi siyosat idorasining mazkur qarori O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligini nishonlash paytiga to‘g‘ri kelganida ham chuqur ramziy ma’no bor. Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, inson qadr-qimmatini e’zozlash biz uchun o‘tgan ikki yil davomida eng ustuvor vazifaga aylandi.
O‘z ahamiyati bo‘yicha O‘zbekiston tarixida mutlaqo yangi voqelik – minglab mahkumlarning afv etilishi buning tasdig‘idir. O‘shanda davlatimiz rahbari birinchi marta o‘zining konstitutsiyaviy vakolatidan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi Farmonni qabul qildi. O‘tgan ikki yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqarolar “maxsus hisoblar”dan chiqarildi. Yuqorida aytib o‘tilgan muvaffaqiyatlar 11 dekabr kuni Davlat departamenti qarori e’lon qilinishi munosabati bilan senator Rojer Uilker raisligida o‘tkazilgan Xelsinki komissiyasi eshituvida ham bayon etildi. Rojer Uilker eshituvni ochar ekan, shunday deya alohida qayd etdi: “Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston ro‘yxatdagi o‘zining xalqaro majburiyatlarini bajarishga intilayotgan va zarur islohotlarni olib borish uchun sezilarli chora-tadbirlar qabul qilayotgan yagona davlatga aylandi”.
“O‘zbekiston AQShning yanada kuchli hamkori bo‘lishi mumkin va bizning maqsad – mamlakatning iqtisodiyoti gullab-yashnashiga ko‘mak berishdan iborat. U mintaqa va uning tashqarisida taraqqiyot modeliga aylanadi”, deya aytdi senator. U yana shuni qo‘shimcha qildi: “O‘zbekiston hukumati kelgusida ham islohotlarni amalga oshirishga qat’iy sodiqdir va Kongress umumiy maqsadlarni qo‘lga kiritish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etadi”.
O‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etgan elchi Samuel Braunbek ham ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonning yangi rahbariyati, haqiqatan ham, yangilanishlar jarayoniga sodiqdir hamda mamlakatda nafaqat din erkinligi, balki majburiy mehnat va umuman, inson xuquqlari sohasida salmoqli o‘sishga erishilgan”.
Elchi respublikada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida “yo‘l xaritasi” qabul qilingani, minglab mahkumlarning afv etilishi va “qora ro‘yxatlar”dan chiqarilishi, o‘nga yaqin diniy tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda tegishli tartib-taomillarning soddalashtirilishini sezilarli natijalar qatoriga kiritgan.
O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tomonidan xabar berilishicha, eshituv chog‘ida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro muvaffaqiyatli hamkorlik jarayoni, shuningdek, O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan huquqiy majburiyatlarini amalga oshirish yo‘lida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning diniy xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi muhim tashabbuslari borasida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan misli ko‘rilmagan faollik alohida belgilab qo‘yildi.
“O‘zbekistonning alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilishi o‘z vaqtida qilingan va to‘g‘ri qarordir. Bu O‘zbekistondagi salmoqli yuksalish natijasidir. AQSh Davlat departamenti Diniy erkinlik bo‘yicha ofisining 20 yillik faoliyati tarixida ikkita mamlakat mana shunday ro‘yxatdan chiqarilgan: Vetnam va O‘zbekiston”, deya AQSh Davlat departamenti qaroriga munosabat bildirdi Global hamkorlik instituti rahbari Kris Saypl.
Kris Saypl elchi Samuel Braunbek delegatsiyasi tarkibida shu yil kuzda O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. O‘shanda Global hamkorlik instituti O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti bilan O‘zbekistonda din erkinligini ilgari surish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzishga doir Memorandum imzolagan edi.